Вход/Регистрация
Allamjonov aybdor
вернуться

Allamjonov Komil

Шрифт:

Kommunistik mafkura puchga chiqqan paytlar. Qo‘ni- qo‘shni orasida faqat biznes rejalar, tez va osongina boyib ketish yo‘llari haqida gap-so‘zlar yurardi. Biz o‘n uch ya-shar o‘smirlar ham cho‘ntagimizda doim pul bo‘lishini xohlardik. Ko‘p tengdoshlarim o‘zi ishlab daromad topar, kimdir oilasiga yordam bersa, yana kimdir kichik orzulariga pul yig‘ardi.

Mendan yollanma ishchi chiqmadi. Ammavachchamning jo‘xori qalamchalari chiqaradigan sexida bir kun ishlab ko‘rdim. Arzimagan pul uchun ertalabdan kechgacha ter to‘kib mehnat qilish menga emas ekan.

Vazifam nimadan iborat edi? Jo‘xorini oldin «drobilka»ga, keyin maxsus apparatga solamiz. Jo‘xori doni issiq havo bosimi ostida paqillab yorilib, qalamchaga aylanadi. Ish haqi tayyor mahsulotning kilosiga to‘lanadi. Bir uyum jo‘xori qalamchasini chiqarib, kamida o‘n kilogramm bo‘ldi, deb o‘ylaysan. Tortib ko‘rsang, zo‘rg‘a yarim kilo chiqadi. Ish kuni oxirida ammavachcham pul o‘rniga qo‘limga o‘zim tayyorlagan jo‘xoridan tutqazdi. Uyga kelib, «ish haqim»ni stolga qo‘ydim-u yechinmasdan, o‘zimni krovatga tappa tashladim. Ertalabgacha qotib uxlabman. Uyg‘onganimda aniq bir qarorga keldim – men hech qachon yollanma ishchi bo‘lmayman!

Gap og‘ir mehnatdan qochishda emas. Menga birovning cho‘ntagini to‘ldirish uchun belni bukib, evaziga arzimagan chaqa topish yoqmadi. Bunaqa kapitalizmni hazm qila olmasdim. Biz litseyda o‘zimiz popkorn tayyorlab sotardik. O‘zimiz uchun ishlardik, shunga mehnati malol kelmagan. Ko‘pi kuygan, bemaza popkornimiz uncha yaxshi ketmasdi. Bu tadbirkorlik faoliyatimda birinchi saboq bo‘lgan – mahsuloting sotilishini xohlasang, ishni sifatli qil!

O‘n uch yoshimda qand qiroli bo‘lishga qaror qildim. O‘zimga velik olishim kerak edi. Velosipedi bor o‘rtoqlarim uchishga bermay qo‘yishdi. Ota-onam esa: «Komiljon, veliksiz ham doim qayoqlardadir sang‘ib yurasan, velosiped minsang, seni umuman topolmay qolamiz!» – deb gapni qisqa qilishdi.

Biznes-reja bunday edi: bir qop shakar sotib olinadi, uni qandga aylantirib, ustiga pul qo‘yib sotiladi. Shakar bilan qandning narxi orasidagi farq – sof foyda.

Tayyor shakar sexini ijaraga oldim. «Sex» deganda ko‘z oldingizga nima keldi bilmadim-u, ammo bu hech kim yashamaydigan tashlandiq bir uy edi. Undagi bor uskuna – tegirmon, press, fanera, vanna, isitkichli fen va bir yarim litrlik baklajka, xolos. Oldin shakar kukunga aylantiriladi. Keyin vannaga solib, ustidan bir yarim litr sovuq suv quyiladi. Kukun nam tortib, qorga o‘xshab g‘irchillab qolganda, pressdan chiqarilib, faner ustiga yoyiladi. Qand shakliga solinib, fenda quritiladi. Bir kecha-kunduzda bir qop shakar oldi-berdiga ishlatiladigan, to‘y-hashamda dasturxonga qo‘yiladigan shirinlikka aylanadi.

Otam ko‘p magazinchilarning mashinasini tuzatardilar. Shu tanishlaridan mahsulotimni sotib berishni iltimos qildilar.

Bu sexda ishchi ham, farrosh ham, mol yetkazib beruvchi ham, direktor ham o‘zim edim. Sexni ijaraga olishdan oldin do‘stlarimga sherikchilikni taklif qildim, ular ko‘nishmadi. Balki to‘g‘ri qilishgandir. Ikki hafta o‘tgach, do‘konlarda shakar ko‘rinmay qoldi, keyin birdan narxi oshib ketdi. Qanddan tushadigan ozgina foyda ham yo‘q bo‘ldi. Shunday qilib, birinchi biznesim sindi. Qizig‘i shundaki, do‘stlarim moliyaviy krizisni oldindan ko‘ra bilgani uchun emas, ishyoqmasligi, harakatsizligi tufayli hamkorlikdan bosh tortishdi. Biz birga o‘sib katta bo‘ldik, lekin hozir jamiyatdagi o‘rnimiz orasida osmon bilan yercha farq bor.

Hamma ham boy-badavlat bo‘lishi shart, demoqchi emasman. Ba’zilarga bu narsa kerak emas, ularning o‘z orzulari bor. Kimdir vrach, kimdir alpinist, uchuvchi, sayohatchi, jurnalist yoki yozuvchi bo‘lishni orzu qilib, shu maqsadi bilan yashaydi. Hozirgi yoshlar orasida bundaylar borgan sari ko‘paymoqda. Pul ular uchun ortiqcha daxmaza. Lekin boyib ketaman degan odamga faqat orzu va bilimning o‘zi kamlik qiladi. Bunda ishchanlik, mehnatsevarlik judayam muhim. Agar ishga o‘zingni to‘liq bag‘ishlay olmasang, yaxshisi boshlama. Biznes – dangasalar uchun emas!

Men erinchoq emasdim. Shunchaki, o‘sha vaqtdagi iqtisodiy vaziyatni deb omadim chopmadi va qand qiroli bo‘lolmadim. Lekin pul topish yo‘lida harakat qilishdan hech qachon to‘xtamadim. Menga ishni yo‘lga qo‘yish, pulni nazorat qilish jarayonining o‘zi qiziq edi. Mabodo ishim yurishmay qolsa, g‘ayratim yanayam oshib ketardi.

90-yillarni ko‘rganlar fikrimga qo‘shiladi, deb o‘ylayman. Mamlakatdagi iqtisodiy va siyosiy vaziyat juda qiziq bo‘lgan. Foyda ko‘rishga intilganlarni chayqovchi emas, tadbirkor deb atay boshlashgan, katta pul topish imkoni tug‘ilgan edi. Dorixona, bilyardxona, sauna, tijorat do‘konlari yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorindek urchib ketdi. Ana senga erkinlik!

Sinfdoshim bilan madaniyat saroyi binosida, konsertdan keyin.

Kommunistik mafkuraning oyog‘i osmondan bo‘lib ketgandan keyin xalqni ergashtiradigan g‘oyaning o‘zi qolmadi. Ayni paytda diniy ekstremizmning ta’siri kuchayib bordi. Soqol qo‘yganlar ko‘paydi, Karimov ularga qarshi tinimsiz kurashardi. Teraktlar, portlashlar avj olgan tahlikali davr edi. «Musaffo osmon» g‘oyasi davlat mafkurasiga aylandi. Urushsiz, tinch yashasak bo‘ldi, olam guliston! Ammo bu g‘oya juda bo‘sh edi. Unda super boylarning paydo bo‘lishi ko‘zda tutilmagandi. Davlat rahbariyati boyvachchalar jamiyat osoyishtaligini buzishidan qo‘rqardi. Mayli, foyda ko‘rsang ko‘r, faqat ikki quloch tijorat do‘konidan nariga o‘tma! Mashina ol, uy sol, topgan tillangni uch litrli bankada saqla, lekin oligarx bo‘laman deb xayolingga ham keltirma.

  • Читать дальше
  • 1
  • ...
  • 7
  • 8
  • 9
  • 10
  • 11
  • 12
  • 13
  • 14
  • 15

Ебукер (ebooker) – онлайн-библиотека на русском языке. Книги доступны онлайн, без утомительной регистрации. Огромный выбор и удобный дизайн, позволяющий читать без проблем. Добавляйте сайт в закладки! Все произведения загружаются пользователями: если считаете, что ваши авторские права нарушены – используйте форму обратной связи.

Полезные ссылки

  • Моя полка

Контакты

  • chitat.ebooker@gmail.com

Подпишитесь на рассылку: