Шрифт:
– Komil Ismoilovich, ularni ko‘ndiraman, shu paytgacha amallab kelganmiz, – dedi hisobchi meni «yupatib».
Demak, beshta nashriyot: «O‘zbekiston», «O‘qituvchi», «G‘afur G‘ulom», «Cho‘lpon» va «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» oldin o‘zini taroziga soladi. Oxiri rahbariyatning iltimosini bajargan bo‘lib, pul o‘tkazadi, xuddi ehson qilgandek.
– Unaqasi ketmaydi, – dedim.
– Iya, Komil Ismoilovich, sohaning kitlari-ku ular! Qo‘ying, aralashmang, o‘zim hal qilaman.
Bosh hisobchi yillar davomida quyi tashkilotlardan tilanib pul undirishni oddiy hol deb kelgan. U o‘zicha meni bu yoqimsiz jarayondan asramoqchi bo‘ldi.
Men O‘zMAAga bo‘ysunadigan barcha tashkilotlar rahbarlarini katta umumiy majlisga chaqirtirdim. Navoiy nomidagi Milliy kutubxona direktori o‘sha zahoti ishi ko‘pligi, kelishga vaqti yo‘qligini aytdi. «Qarshi bo‘lmasangiz, keyin o‘zingizga alohida uchrarman, maylimi, Komiljon?»
Men belgilangan vaqtda keldim. Vazir kursisiga o‘tirdim. Odamlar xonaga kirib chiqib, u yoqdan bu yoqqa yurishibdi. Meni bir tiyinga olishmayapti, xuddi bu yerda umuman yo‘qdekman. Indamay, sabr qilib turdim. Oxiri chidolmadim:
– Marhamat qilib o‘tirib olinglar. Boshlaymiz. Bir-birimizni ozgina hurmat qilaylik.
Hamma joylashib oldi. Menga yov qarash qilib o‘tirishibdi, suhbatning beliga tepdim-da! Eng gigant nashriyot – «O‘zbekiston»ning direktorini turg‘izdim.
– Qani, gapirib bering-chi, ishlar qanday ketyapti?
– Agar men gap boshlasam, bu yerda ertalabgacha o‘tiramiz, – javob berdi u mensimaygina.
– Kerak bo‘lsa, o‘tiramiz, – dedim men. – Boshlang.
Bu haqda hozir gapirish oson, lekin tartib o‘rnatishning o‘zi bo‘lmadi. Ishni O‘zMAA direktori nomidan binoda o‘tirgan barcha ijarachilarga xat yozishdan boshladim: «Tez kunda egallab turgan xonangizni bo‘shatishingizni so‘rayman».
Ijara to‘lovining sharti oddiy ekan: Agentlik hisob raqamiga arzimagan mablag‘ o‘tkaziladi, qolgan pul naqd beriladi. Xomcho‘t qilib ko‘rdim. Oyiga ellik ming dollardan ko‘proq pul kelib turgan. Shuncha pul qayoqqa ketgan, bilmayman. Bosh ofisga pul tushadimi, yo‘qmi, hech kimni qiziqtirmagan. Bino esa xarobaga aylanib bo‘lgan.
Menga bu pulning keragi yo‘q edi. Qo‘l ostimdagilar sal hayron bo‘lishdi. To‘g‘ri, biznes bilan shug‘ullanishimni, o‘zimga yarasha daromadim borligini hamma biladi, lekin pul hech qachon ortiqchalik qilmaydi-ku!
Tabiiyki, «Ijarachilarga tegmang», degan iltimoslar yog‘ila boshladi. Hech kim issiq o‘rnini yo‘qotgisi kelmasdi. Yuqoridan, vazirlik va idoralardan qo‘ng‘iroq qildirib, yangi direktorga bosim o‘tkazishga harakat qilishdi. Faqat Xotin-qizlar qo‘mitasining o‘sha paytdagi raisi Tanzila Kamolovna2, ular uchun ajratilgan yangi binoning qurilishi hali oxiriga yetmagani, ozgina vaqt berilsa, bir yo‘la ko‘chib chiqib ketishlarini tushuntirdi. Ularning so‘zini ikki qilolmadim. Qolganlarga qattiq turdim. Bino – bizniki, xodimlarimga sharoit yaratib berishim kerak. Ichki hovli yopildi, uyum-uyum axlat chiqarib tashlandi, xonalar, xoll, yo‘laklar ta’mirlandi. Bularning hammasi kimning hisobidan bo‘lganini gapirishga hojat yo‘qdir-a?! Bino ta’miri oilaviy biznesimga qimmatga tushdi, oldinda esa hali ish ko‘p edi.
Esimda, tadbirlardan birida Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Jumaniyozovich Ramatov3 bilan uchrashib qoldik. Hozir nima ishlar bilan bandligimni so‘radi. O‘zMAAni boshqarayotganimni aytdim.
– Nima tashkilot edi u, eslatib yuboring? – so‘radi Ramatov.
O‘zMAA shu darajada bor-yo‘qligi bilinmaydigan, mudroq tashkilot bo‘lganki, hatto Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari bu Agentlikni birdaniga eslolmadi. Tashkilot rahbarlari Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishlariga deyarli chaqirilmagan. Direktorini faqat «baxt maktubi» olib turgan gazetalarning muharrirlarigina tanigan – uni olib tashla, buni tahrir qil… Faqat bir marta, janob Tangriyev4 «ma’naviyatga zarar yetkazganlar»ga (uning nazarida, albatta) qarshi O‘zA orqali ayovsiz kurash e’lon qilganida, uning dongi hamma yoqqa tarqaldi.
Ammo mening oldimda turgan eng asosiy masala binoni ta’mirlash emas, Agentlik direktorining nufuzini ko‘tarish edi, albatta. Xo‘p, buning uchun nima qilish kerak? Mansab guvohnomasini pesh qilib, atrofdan izzat-hurmat kutish befoyda. Yaxshisi, jang san’ati qoidalarini qo‘llagan ma’qul. Birinchi navbatda asosiy raqibni, kim boshqalarga ta’siri, so‘zini o‘tkazishini aniqlab, zararsizlantirish shart.
Xodimlarni attestatsiyadan o‘tkazib, bir kun ichida bir necha kishini ishdan bo‘shatdim. Keyin butun jamoa oldida Monitoring markazi direktori Xurshid Mamatovni lavozimidan oldim. Aynan uning guruhi
Monitoring markazi O‘zMAA ichidagi eng yopiq tuzilma bo‘lib, hech qaysi direktor uning ostonasidan hatlab o‘tmagan. Bir kuni xonamdan chiqarkanman, begona kishining kotibimga surbetlarcha o‘shqirayotganini eshitib qoldim. Kotibiyatdagi yigitlar esa indamay turishibdi.
– Siz kimsiz? – so‘radim men.
– Men Monitoring markazidanman! – mensimay javob berdi u.
Ulardan hamma cho‘chirdi, chunki o‘zlarini salkam butun olam xo‘jayinlaridek tutishardi.
– Chiqib keting bu yerdan! – aslida bundan qo‘polroq gapirdim. – Kim bo‘libsiz, xodimlarimga do‘q uradigan?