Шрифт:
Endi oldimizda turgan eng muhim masala SO‘Z ERKINLIGI edi. Biz Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunamiz. VM esa vazirlik va idoralar degani. Tanqid asosan shularga qaratilgan bo‘lsa, qanday qilib so‘z erkinligiga erishish mumkin? Demak, Agentlik vazirliklar bilan teng maqomda bo‘la olmaydi.
Prezidentga bildirish xati kiritdik. Agentlik bevosita Prezident Administratsiyasiga bo‘ysunsagina OAVni himoya qilishi mumkin. Masalani shu nuqtaуi nazardan asosladik. Bizga qo‘ng‘iroq qilib, og‘zimizni yopadiganlar bo‘lmasligi kerak. Rahbariyat bu taklifni qo‘llab-quvvatladi.
Agentlik xodimlari maoshini bir necha barobar oshirdik. Arzimagan pul to‘lab, odamlardan vijdonan ishlashni talab qilib bo‘lmaydi. Oyliklar qay darajada o‘zgarganini tasavvur qilishingiz uchun misol keltiraman: bir yarim million oladiganlarning maoshi o‘n sakkiz millionga chiqdi. Sohani yaxshi biladigan mutaxassis o‘z qadrini ham biladi, halol ishlaydigan bo‘lsa, o‘sha arzimas pulga ko‘nmaydi.
«Botir Parpiуevning jiyani» bo‘lmaganimda, bu ishlarni eplay olmasdim, albatta. Men shafqatsiz soliq idorasi maktabida juda samarali saboq olganman.
1 O‘zMAA – O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi. Matbuot va axborot sohasida davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishni ta’minlovchi davlat organi.
2 Tanzila Kamolovna Norboyeva – O‘zbek davlat va jamoat arbobi, 2016-2019-yillari O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasiga rahbarlik qilgan.
3 Ochilboy Jumaniyozovich Ramatov – davlat arbobi, 2016-yil 15-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan.
4 Laziz Tangriyev – 2017-yil iyuldan 2018-yil noyabrgacha O‘zMAA rahbari bo‘lgan.
5 Dilnoza Ziyamuhammedova – 2020-yil iyundan O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbarining OAV masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, OAV, televideniye va matbuotni rivojlantirish sektori mudiri.
6 Mahmudjon Zaytayev – «O‘zbekiston» nashriyot-poligrafiya ijodiy uyi direktorining birinchi o‘rinbosari.
II
Parpiyevning jiyani
2001-yil
San’at institutining birinchi kursida o‘qiyotganimda qarindoshimiz Baxtiyor aka hozirgi MTRKning1 o‘t o‘chirish xizmatida ishlaydigan og‘aynisi Abdusattor aka bilan kelishib, meni televideniуega amaliyotga joylab qo‘ydi. Ota-onam «Darsdan keyin laqillab yurmasin, ishlasin, pul topmasayam, tajriba orttirsin», – derdi. O‘zim ham telerejissorlik kasbiga qiziqib, haqiqiy televideniуechi bo‘lishga tayyor edim.
MTRKga kirish oson emas, bu nihoyatda yopiq tashkilot. Biror lavozimni egallash u yoqda tursin, eng oddiy ishga joylashish uchun ham tanish-bilish kerak edi. Abdusattor akaga rahmat, oddiy bir talabani praktikaga olishga «Davr»2 dasturi tahririyatini ko‘ndirdi.
Ishga ketayotganimda onam qattiq tayinladilar:
– Komiljon, jon bolam, hech kim bilan urishib-talashib yurma, iltimos, birovga gap qaytarma, «xo‘p-xo‘p» degin, nima ish buyurishsa, darrov aytganlarini qilgin, hammaga foydang tegsin, hammaga yordam bergin, o‘g‘lim…
Xuddi shunday qildim. «Rejissor yordamchisi assistentining yordamchisi» degan sharafli lavozimda hammaga foydali bo‘lay, dedim.
– Hoy, bola, somsaga chiqib ke!
– Xo‘p.
– O‘v, kassetalarni olib chiq.
– Xo‘p.
– Taym-kodini yozib ber.
– Xo‘p bo‘ladi…
Sekin-sekin ish o‘rgandim, bilim, tajriba orttirdim.
O‘sha paytda «Davr»ga Furqat Zokirov rahbarlik qilardi. Men uning uchun keraksiz bir matohdek edim. Shuncha ishlab, menga na bir og‘iz yaxshi gapirgani, na maqtaganini eslayman. Faqat tanbehini, «Ishdan haydayman!» degan po‘pisasini eshitganman. U meni qanchalik yoqtirmasa, men ham o‘sha paytda uni shunchalik yomon ko‘rardim. Hammaning oldida meni haqorat qilishi yoki arzimagan xatoyim uchun studiyadan haydab solishi mumkin edi. Hech qachon salomimga alik olmasdi, xuddi bu bilan biror joyi kamayib qoladigandek. Eslasam, haliyam tushunmayman, nahotki bir og‘iz so‘rashish shunchalik malol kelgan bo‘lsa?!
«Davr tongi»ga Sevara Nazarxon sevishganlar kunida konsert bergani haqida kichkina lavha tayyorlab, rosmana baloga qoldim.
– Qanaqa sevishganlar? – chinqirdi u. – Jinnimisan? Sevishganlaring nimasi?! Menga nimani tiqishtiryapsan?
Baqir-chaqiri butun MTRKga eshitildi. Shundan keyin iloji boricha uning ko‘ziga ko‘rinmaslikka harakat qildim. Hech kim tahririyatning qoidalari, siyosatini, umuman, televideniуening yozilmagan qonunlarini o‘rgatmasdi. Lekin ishni xuddi tajribali odamdan so‘ragandek talab qilishardi. Alam qiladigani shu edi. Ishimni qoyil qilib bajarishga harakat qilganim sari so‘kish eshitardim. Men o‘zimga boshqacha bir munosabat talab qilmayman. Lekin do‘q-po‘pisa, haqoratni umuman ko‘tara olmayman. Gap eshitmaslik uchun hamma ishni astoydil, o‘z vaqtida bajaraman.